Moskvada “Prokshino” turar-joy majmuasida muhojirlar ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bir necha o‘nlab shaxslarning tayoq, belkurak va yo‘l belgilaridan qurol sifatida foydalanib, bir-biriga hujum qilgani aks etgan.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, hodisa yuzasidan tezkor tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozircha mojaroning sabablari va ishtirokchilarning millati haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelgan politsiya tartibni tiklagan, 40 ga yaqin kishi esa bo‘limga olib ketilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan, bir nechta transport vositalariga zarar yetgan.
Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi (“Bezorilik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Irina Volkning ma’lum qilishicha, qo‘lga olingan xorijliklar bo‘yicha qattiq choralar ko‘riladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilmagan fuqarolar mamlakatdan ma’muriy tartibda chiqariladi: “Mushtlashuvda qatnashgan xorijliklarga nisbatan deportatsiya choralari qo‘llanadi. Ularning Rossiyaga qayta kirishiga 5 yil muddatga taqiq qo‘yiladi, qayta huquqbuzarlik sodir etganlar uchun esa bu muddat 10 yilgacha uzaytiriladi,” — dedi Irina Volk.
Hozirda tergov davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar barcha ishtirokchilarni aniqlab, ularni qonun oldida javobgarlikka tortishni maqsad qilgan.


