Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida 20 aprel kuni Damas haydovchisi piyodani urib yubordi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati maʼlumot berdi. Avtohalokat soat 14:00 larda Kosonsoy tumani “Rovot” MFY Rovot ko‘chasi ichki yo‘lida yuz bergan. 1966-yilda tug‘ilgan fuqaro Damas rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 2021-yilda tug‘ilgan bolani urib yuborgan. Hodisa oqibatida jabrlanuvchi bosh miya yopiq shikasti, peshona yuz sohasi shilingan jarohati bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay bola shifoxonada vafot etgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.