Namangan shahrida fuqarolarga xorijda ish topib berishni va’da qilib, ularning ishonchini suiiste’mol qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Namangan shahar bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikki holatda firibgarlik jinoyatlari fosh etilgan.
Birinchi holatda fuqaro M.A. o‘zini ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi sifatida tanishtirib, fuqarolar M.S. va A.K.ga Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan. U bu xizmat evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan va 1 ming dollarni olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushbu joyning o‘zida qo‘lga olingan.
Ikkinchi holatda esa fuqaro R.M. fuqaro M.B.dan Slovakiyaga ishga yuborishni tashkil etish bahonasida 40 million so‘m miqdorida kelishuv tuzgan. U ushbu mablag‘ning bir qismini — 600 AQSh dollari va 2,8 million so‘mni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, dalillar asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


