O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan Jizzax viloyatidagi 29-son manzil-koloniyada saqlanayotgan mahkum M.B.ga nisbatan tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilmagani yuzasidan murojaat o‘rganildi.
Aniqlanishicha, og‘ir ahvoldagi mahkum yuqori tana harorati ва isitma bilan ikki kun davomida koloniya xodimlari kuzatuvida bir nechta tibbiyot muassasalariga olib borilgan. Biroq tibbiyot muassasalaridan birida to‘lov yoki yo‘llanma talab qilingan, boshqasida esa mutaxassis shifokor mavjud emasligi sababli bemor qabul qilinmagan. Mahkumda “chap o‘pka absessi, ikki tomonlama pastki bo‘lak pnevmoniyasi” tashxisi aniqlangan bo‘lib, uning ahvoli og‘ir bo‘lgan.
Mazkur holat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakil aralashuvi bilan mahkum zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga yetkazilgan. U yerda bemor zarur tahlillardan o‘tkazilib, statsionar davolanishga yotqizilgan. Keyinchalik muolajalar olib qaytgach, zarur dori vositalari koloniya maʼmuriyati tomonidan taʼminlangan.
Xabarda qayd etilishicha, shunga o‘xshash holatlar boshqa muassasalarda ham aniqlangan. Jumladan, Jizzax shahar Ichki ishlar boshqarmasining Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan fuqaro Yu.Yu. jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji borligi yuzasidan murojaat qilgan. Shuningdek, Namangan viloyatidagi 6-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan, homiladorlikning beshinchi oyida bo‘lgan Z.M. tibbiy yordam ko‘rsatish masalasida Ombudsmanga murojaat yo‘llagan.
Mazkur murojaatlar asosida mahkumlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan biri shifoxonaga yotqizildi. Holatlar Ombudsman tomonidan alohida nazoratga olingan.


