Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida mamlakatimizda 519 ming tonna neft ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 37,2 ming tonnaga kam degani. Shuningdek, mazkur davr mobaynida mamlakatimizga 289 million litr avtomobil benzini import qilingan. Bundan ko‘rinadiki, mahsulotning bu tur importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 137 million litrga oshgan.
Bu hali hammasi emas. Qo‘mita maʼlumotlariga tayanadigan bo‘lsak, mamlakatimizda 2021 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida 815,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan.
Endi yana bir faktga nazar tashlasak. Tashkilotning yozishicha, respublikamizda har 100 nafar doimiy aholiga o‘rtacha 8 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda. 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada 2,7 million yengil avtomobil ro‘yxatdan o‘tgan. Hali o‘tmaganlari ham bor. Bunga qishloq xo‘jaligi ulovlari, jamoat transportlarini ham qo‘shsa, taxminan 3 millionga boradi.
Agar bitta avtomobil kuniga o‘rtacha 10 litrdan benzin isteʼmol qilsa, bu yanvar-sentyabr oylariga solishtirilganda, 27 tonna litr sarflagan bo‘ladi. Chiqqan yig‘indini umumiy avtomobillar soniga ko‘paytirsak, unda, xullas, mana shuncha hajm chiqadi – 81 000 000 000. Bu 81 million litr degani. To‘xtang! Bir litr Ai-80 taxminan 700 yoki 750 gramm og‘irlikda bo‘ladi. Yaʼni ikki litr Ai-80 1.5 kilogram bo‘ladi. Bu esa biz hisoblagan raqamlarini anchagina pasaytiradi.
Yuqoridagi statistikaga qaralsa, unda mamlakatimizda yanvar-sentyabr oylari oralig‘ida 815,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan(eʼtibor bering, tonna deyilyapti, litr emas). Shuningdek, mazkur davr oralig‘ida xorijdan 289 million litr benzin import qilingan.
Bunda jami miqdor 1 million tonnadan oshadi. Bu hali shunchaki xomcho‘t hisob-kitob.
“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limining xabar berishicha, joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston respublika tovar xom-ashyo birjasining avtomobil benzini segmentida narxlarni o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bunda yil boshidan boshlab Ai-80 markali benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi mahsulotning bir tonnasi uchun 5 700,2 ming so‘mdan 9 302,8 ming so‘mgacha, yaʼni 63,2 foiz ga o‘sgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Birja savdolariga qo‘yilayotgan mazkur markali benzinning aksariyat qismi, yaʼni 84 foizi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Ko‘rib chiqilayotgan davrda mazkur markali benzinning boshlang‘ich bahosi o‘rtacha 70 foizga o‘sib, mahsulotning bir tonnasi uchun 10 005,0 so‘mni tashkil qildi. O‘tkazilgan ochiq birja savdolari natijasida Ai-80 markali benzinning boshlang‘ich va birja narxlari o‘rtasida tafovut o‘rtacha 1 foizdan oshmadi. Yaʼni benzin birja savdolari davomida o‘zining deyarli boshlang‘ich bahosida sotilgan”, — deyiladi “O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi xabarida.
Rasmiylar neft narxining ko‘tarilib ketishi benzinning summasiga taʼsir qilgan deb taʼkidlamoqda.
Xorij matbuotlarida esa O‘zbekistondagi benzin narxi qo‘shnilardan ko‘ra 2 marta qimmatligi xaqida yozishmoqda. Ularning fikricha, benzin narxining oshishiga benzin va neft mahsulotlari importi bir necha shaxslar tomonidan monopollashgani va ular o‘zlari xohlagan narxlarni belgilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Hulosa o‘rinda savollar tug‘iladiki, javob berishga so‘z topib bo‘lmaydi:
Mahalliy neftning jahon bozoridagi narx bilan qanday aloqasi bor?
O‘zbekistonda benzinda yuradigan mashinalar qancha foizni tashkil etadi?
Biz qachongacha o‘z mahsulotimizni o‘zimizning halqimizga falon so‘mda sotamiz?
Aslida monopolist sotayotgan narsa mana shu xalqning mulki emasmi?
Achinarlisi, savollarni yana davom ettirish mumkin...
Olamgir Abdiyev


