Fransiyada o‘g‘irlanib ketishi keng jamoatchilikka tanilgan Qahramonjon Olimovning Anor bank ustav kapitalidagi ulushi 99,38 foizdan 49,38 foizga qisqardi. Yagona korporativ axborot portal maʼlumotlariga ko‘ra, Olimovga tegishli aksiyalarning 50 foizi Niderlandiyada ro‘yxatda o‘tgan Bekamin B.V kompaniyasi tasarrufiga o‘tgan.
2025-yil uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra Anor bank Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi reytingida O‘zbekistondagi eng faol moliya institutlari orasida oltinchi o‘rinni egallagandi va avvalgi davrga nisbatan bir pog‘ona pastlagan. Oktabr boshiga kelib bankning sof foydasi 235,9 mlrd so‘mni, jami aktivlari esa 13,5 trln so‘mni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Le Monde gazetasi 2025-yil yozida Olimov Parijda o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar bergan edi. Gazetaning yozishicha, Olimov Nitssa yaqinidagi villada zo‘ravonlik bilan ushlab turilgan, qiynoqqa solingan va 10 mln dollar tovon puli talab qilingan, qisman to‘lovdan so‘ng ozod etilgan.
Biroq keyinchalik The Insider va L‘Express nashrlari qo‘shma surishtiruvida ushbu voqea sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini bildiruvchi surishtiruv materialni eʼlon qildi. Jurnalistlar “o‘g‘irlash” qarz majburiyatlaridan qochish uchun uyushtirilgan bo‘lishi ehtimolini ilgari surdi.
Surishtiruvda ko‘rsatmalardagi nomuvofiqliklar, “o‘g‘irlovchi” bilan yozishmalarning do‘stona ohangi va “ozodlikdan so‘ng” yo‘l chiptasining ayblanuvchi haydovchisi kartasi orqali to‘langani keltirildi. OAV taxminiga ko‘ra, sahnalashtirishdan maqsad aktivlarni legallashtirish va siyosiy boshpana olish bo‘lgan.


