O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Lev Tolstoy nomidagi tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi.
Mukofot uch davlat rahbarining Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli shaxsiy hissasi uchun berildi. Taqdirlash marosimida mukofot hay’ati raisi, mashhur dirijyor Valeriy Gergiyev davlat rahbarlariga mukofot medallarini topshirdi.
Lev Tolstoy nomidagi tinchlik mukofoti Rossiya Tarix jamiyati hamda Rossiya Tinchlik fondi tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, u urushlarning oldini olish, zo‘ravonliksiz va ko‘pqutbli dunyoni barpo etish hamda tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.
Ayni paytda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida u 21–22 dekabr kunlari Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi.


