Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qo‘shni davlat gaz tarmog‘ida sodir bo‘lgan texnologik nosozlik natijasida O‘zbekistonda 6 million kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida tizim bo‘yicha barcha rejimlar optimallashtirilgan va mavsumiy iste’molchilar vaqtincha o‘chirilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, birinchi navbatda aholi, ijtimoiy soha muassasalari, strategik obyektlar hamda issiqlik elektr stansiyalarini gaz bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha reja-grafik ishlab chiqilgan. Shuningdek, tig‘iz soatlarda ayrim hududlarda AGTKShlarga cheklovlar joriy etilgan. Qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda avariyani bartaraf etish va gaz yetkazib berishni tiklash ishlari davom etmoqda.
Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, gaz ta’minotidagi eng katta uzilishlar vodiy viloyatlaridagi gaz shoxobchalariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Muammoni yumshatish uchun Xovos–Farg‘ona gaz tarmog‘i orqali qo‘shimcha ta’minot yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 150 ta ko‘chma konteyner orqali metan zapravkalar yopiq vaqtda ularga 5 mingdan 10 ming kub metrgacha gaz yetkazib berish tizimi tashkil etilgan.


