1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonda donorlik qoni tanqisligi saqlanib qolmoqda — SSV

2025-yilda 153 tonna donorlik qoni tayyorlandi, biroq donorlar soni JSST tavsiyasidan uch baravar kam.

O‘zbekistonda donorlik qoni tanqisligi saqlanib qolmoqda — SSV

 

O‘zbekistonda 2025-yil davomida tibbiy ehtiyojlar uchun 153 tonna donorlik qoni tayyorlandi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan o‘sishni ko‘rsatmoqda, biroq mamlakatning to‘liq ehtiyojlarini qondirish uchun donorlik harakatini yana-da rivojlantirish zarur.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 148 tonna, 2023-yilda esa 130,6 tonna donorlik qoni tayyorlangan. Shu tariqa, 2025-yilgi ko‘rsatkich so‘nggi uch yil ichidagi eng yuqori natija bo‘ldi.

 

Respublika qon quyish markazi direktori Alonur Saidovning taʼkidlashicha, hozirda mamlakatda har 1000 aholiga 10 nafar donor to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan har 1000 kishiga 30 donor standartidan qariyb uch baravar past.

 

Mutaxassislar ushbu ko‘rsatkichga erishish onkologik va gematologik kasalliklarni davolash, murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish hamda yo‘l-transport hodisalari va favqulodda holatlarda jabrlanganlarga tezkor yordam ko‘rsatish uchun zarur qon komponentlari bilan tibbiyot muassasalarini to‘liq taʼminlash imkonini berishini qayd etmoqda.

 

Ixtiyoriy qon topshirishni rag‘batlantirish maqsadida mamlakatda qon xizmatlari moddiy-texnik bazasi kengaytirilmoqda, hududlarda maxsus jihozlangan mobil qon topshirish bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, qonunchilikka muvofiq, faxriy donorlar uchun bir martalik to‘lovlar miqdori oshirildi, ularga imtiyozli taʼtil, bepul jamoat transportidan foydalanish hamda sanatoriy yo‘llanmalarini olish huquqlari berildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика