Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakuniga kelib O‘zbekistonda yangi elektr transport vositalari savdosi 35 foizga oshib, 40 700 donaga yetdi.
Savdolarning asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda 29 mingta elektromobil sotilgan bo‘lib, bu umumiy hajmning 71 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari qayd etilgan.
Markaz taqdim etgan tahlilga ko‘ra, 2025 yil davomida O‘zbekistonda mahalliy va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi 5,2 foizga oshib, qariyb 370 ming donaga yetgan. Shundan 315 mingdan ortig‘i mahalliy ishlab chiqarilgan, 53,3 mingga yaqini esa xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarga to‘g‘ri keladi.
Hududlar kesimida eng yuqori savdo faolligi Sirdaryo viloyatida (45 foiz), Toshkent viloyatida (36 foiz), Namangan (26 foiz) va Qashqadaryo viloyatlarida (21 foiz) kuzatilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahri hamda Navoiy va Xorazm viloyatlarida yangi avtomobillar savdosi hajmi kamaygan.
Tahlilda taʼkidlanishicha, elektr transport vositalariga bo‘lgan talabning ortishi mamlakat avtomobil bozoridagi asosiy tendensiyalardan biri bo‘lib qolmoqda.


