Aholi soni yildan yilga o‘smoqda. Tabiiyki, suv isteʼmoli ham katta surʼatlarda ko‘payib boradi.
O‘zbekistonda bir yilda ishlatiladigan suvning 20 foizigina respublika hududida shakllanadi. Qolgan 80 foizi Tojikiston va Qirg‘izistondan keladigan daryolardagi suvga bog‘liq. Ammo bu ikki mamlakatning ham o‘z manfaatlari bor. Har ikkala davlat elektr-energiyasini daryolar bo‘yida qurilgan GESlardan oladi.
Iqlim o‘zgarishi oqibatida mamlakat hududidagi tabiiy suv resurslari tobora kamayib bormoqda. Qolaversa, qishda yog‘ingarchilikning kamayishi, yozning normadan issiq bo‘lishi suv isteʼmoli hajmlariga ham taʼsir qilmoqda.


