O‘tgan oyning oxirida Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida futbol bo‘yicha mamlakat chempionatlari o‘z yakuniga yetdi. Shundan so‘ng futbolchilar qisqa muddatli taʼtilga chiqishdi.
Xususan, Angliye premyer-ligasida ham kubok va mamlakat chempioni nomi maʼlum bo‘ldi. Unda “Manchester Siti” g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Liverpul” klubi “shaharliklar”dan bir ochko farq bilan ikkinchi pog‘onadan joy olishdi.
Garchi “Liverpul” chempionatda ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lishiga qaramay, jamoaning misrlik hujumchisi Muhammad Saloh bu yilgi mavsumda Premyer-liganing eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Hozir eʼtiboringizga “Tumanli albion”ning so‘nggi o‘n yillikdagi eng futbolchilarini taqdim etamiz.
2012/2013 yilgi mavsumda Londonning “Tottenhem” klubi chempionatda beshinchi o‘rinni egallagan bo‘lishiga qaramay, jamoa safida ajoyib o‘yinlar namoyish etgan Garet Beyl eng yaxshi futbolchi sovriniga ega chiqqan hamda mavsum yulduziga aylangandi. Shundan so‘ng uelslik futbolchi «Real Madrid»ga borib qo‘shiladi va u yerda bir-ikki mavsum yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, ammo so‘nggi yillarda zahira o‘yinchisiga aylanib qoldi.
2013/2014 yilgi mavsum “Liverpul” klubi uchun biroz omadsiz tarzda yakunlandi. Jamoa ushbu mavsum davomida chempionlikka juda yaqin kelgandi. Biroq, oxirgi o‘yinlardagi omadsizlik jamoani g‘oliblikdan mahrum qildi. O‘sha yili jamoa safida yorqin o‘yin ko‘rsatgan urugvaylik hujumchi Luis Suares 31 ta gol urib to‘pararga aylandi. Hamda chempionatning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
2014/2015 yilda “Chelsi”ni Mourinyo ikkinchi bor mamlakat chempioni qildi. Shu yili jamoaning asosiy yulduzi Eden Azar turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
Riyod Mahrez 2015/2016 yilgi mavsumda “Lester” safida Premyer-liga chempioni bo‘ldi. Mahrez esa sensatsiya yaratgan jamoadagi eng yorqin o‘yinchi bo‘lib chiqdi.
2016/2017 yili fransiyalik NʼGolo Kante Angliyada kashf etildi. “Chelsi”dagi birinchi mavsumida Kante mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
2017/2018 yilgi mavsum misrlik Muhammad Saloh ataldi. O‘sha yili futbolchi “Liverpul”ning g‘alabalarida muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, chempionat davomida 32 ta gol urib “oltin butsa” sovrinini qo‘lga kiritdi. Futbolchi shuningdek o‘sha yili chempionatning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Keyingi yilda “Liverpul”ning yana bir futbolchisi Virjil van Deyk bu sovrin sohibiga aylandi. Shu mavsumda Liverpul shahri jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagandi. Birinchilik esa azaliy raqib “Manchester Siti”ga nasib etgan.
Nihoyat, so‘ngi ikki mavsumda buyon “Manchester Siti” futbolchisi Kevin De Bryuyne mazkur unvonga loyiq ko‘rilmoqda. 2019/2020 yilgi mavsumda “Liverpul” chempion bo‘lishiga qaramay, Kevin De Bryuyne eng yaxshi futbolchi sifatida tanlandi. Yakuniga yetgan chempionatda ham belgiyalik futbolchi mavsum futbolchisi deb topildi. Bu bevosita “shaharliklar”ning chempion bo‘lishi bilan ham bog‘liq edi.


