Toshkent shahridagi “Yunusabad Galleria” savdo majmuasi rahbari Alimjanov Anvar Axmatovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Mukofot tadbirkorlik sohasidagi samarali faoliyati, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun berildi.
Yunusobod tumanida joylashgan ushbu majmuada 100 dan ortiq savdo nuqtalari faoliyat yuritib, qariyb 500 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Umumiy qiymati 43 million dollar bo‘lgan loyiha zamonaviy arxitektura va dizayn yechimlari bilan ajralib turadi. Joriy yilda majmua MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro me’morchilik tanlovida birinchi o‘rinni egallagan.
Prezident farmonida tadbirkorning tashabbuskorligi, ishbilarmonlik fazilatlari, xorijiy ilg‘or tajribani joriy etish orqali aholining bandligini oshirish va farovonligini yuksaltirishga qo‘shgan hissasi alohida qayd etilgan. Ushbu mukofot mamlakatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va faol ishbilarmonlarni rag‘batlantirish siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.


