Prezident tomonidan tasdiqlangan dasturga ko‘ra, Toshkent va uning atrofidagi issiqxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek, 1-dekabrdan AYoQShlarda AI-80 markali benzin savdosi to‘liq to‘xtatiladi.
Yangi tartibga muvofiq, tig‘iz vaqt oralig‘ida yuk transporti harakati cheklanadi. Qurilish maydonlariga havo sifatini kuzatuvchi stansiyalar va kameralar o‘rnatilishi belgilandi. Bundan tashqari, binolarni loyihalashda shamol yo‘nalishi va tezligi albatta inobatga olinadi.
Ekologik nazoratni kuchaytirish maqsadida “Yashil Toshkent” loyihasi uchun respublika ishchi guruhi tuziladi va shahar o‘rmon xo‘jaligi tashkil etiladi. Dala va butalarni kesish masalasi esa bundan buyon faqat kollegial ovoz berish tartibida hal etiladi.


