Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, Qashqadaryo viloyati "Hisor" davlat qo'riqxonasi va Shahrisabz ixtisoslashgan davlat o'rmon xo'jaligi hududidan oqib o'tuvchi Tanxozdaryo daryosi irmog'ida fuqarolar tomonidan 27 dona Amudaryo gulbaliqlari noqonuniy ovlangani aniqlandi.
Noqonuniy ov natijasida tabiatga 133 mln 650 ming so'm zarar yetkazilgani ma'lum bo'ldi. Hozirda holat bo'yicha surishtiruv ishlarini olib borish va qonunbuzarlarga nisbatan chora ko'rish maqsadida to'plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun rasmiylashtirilmoqda.
Ma'lumot uchun, Amudaryo gulbalig'i yo'qolib borayotgan kenja tur hisoblanib, O'zbekiston Qizil kitobi va SITES konvensiyasi (Qizil kitobga va yo'q bo'lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to'g'risidagi konvensiya) ilovasiga kiritilgan.


