1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

“Qirq biriga ham chidaymizmi?” Muhokama markazida yana UzAuto Motors!

Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors‘ning “Captiva” bo‘yicha shartnomalarni bekor qilayotganligi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa kompaniya bilan yangi “hangoma”ning boshlanganidan darak beradi.

“Qirq biriga ham chidaymizmi?” Muhokama markazida yana UzAuto Motors!

 

Eslatib o‘tish joizki, bundan avval UzAuto Motors chiplar yetishmasligi sabab, xaridorlarga o‘z mahsulotlarini 1 million kamiga “o‘tkazish” yo‘lini ko‘rayotgan edi. Oqibatda, kim yutishini yaxshi anglaganlar bunday taklifni rad qildi.

 

Kompaniya bu vaziyatda ham doimgidek o‘zining pozitsiyasidan siljimadi va “bosiqlik bilan” “xohlasang ol, xohlamasang kut!” - qabilidagi shartni qo‘ydi.

 

Xalqimiz juda sabrli. Axir “qirqiga chidagan, qirq biriga ham chidaydi” – degan naqlni shu xalq o‘ylab topgan-da. Biroq UzAuto Motors‘ning “qirq”lari ko‘payib ketmadimikin?

 

“Aytish kerakki, monopolist UzAuto Motors‘ning mijoz oldidagi majburiyatlarini bajarmasligi birinchi marta emas. Bu doimiy va surunkali. Ular bunga jamiyatni, tanlovi yo‘q xaridorlarni ko‘ndirib bo‘ldi, - deydi deputat Rasul Kusherbayev.

 

Bu yerda Kusherbayevning fikriga tayanib bo‘lmadi. Sababi, deputat “qadimdan” beri kompaniya bilan tortishib keladi. Kimning haq ekanligi esa bu allaqachon “nisbiy” bo‘lib ulgurdi.

 

Keling, mavzuga qaytamiz.

Maʼlumotlarga ko‘ra, “Captiva”ga to‘lov qilgan xaridor endi yana “nog‘oraga o‘ynashiga to‘g‘ri keladi”. Chunki u boshida avtosalonga kelib ariza yozishi lozim. Yaʼni bunday: “men Falonchayev Pistoncha to‘lov qilgan mashinamni boshqa qimmatrog‘iga almashtirmoqchiman”.

 

Arizaga qo‘l qo‘yib bo‘lgach, akamiz qo‘shimcha to‘lov qilishi lozim. Agar arzonrog‘iga, misol uchun, Tracker‘ga almashtirishni xohlasa, unda “atigi” 1-1.5 oy kutib, avtomobillar narxidan ortgan summani qaytarib oladi.

 

Agar xaridor mutlaqo ko‘nmasa, unda shartnoma bekor qilinadi va puli qaytarib beriladi, faqat “yana bir oz sabr qilsa”.

 

Deputat Doniyor G‘aniyev mazkur muammoga shunday fikr bildiradi.

 

“Bunday muammolarning eng yaxshi va eng to‘g‘ri yechimini tashqi savdodan izlash lozim. Yaʼni aynan tashqi savdoda muammolar bo‘lganligi bois ichki bozorda bu kabi holatlar sodir bo‘lmoqda. Agar vaziyat o‘zgarmasa kelajakda ham sodir bo‘lishda davom etadi.”

 

G‘aniyev shu bilan birga chegaraga ochilsa kim nima yutishi haqida ham o‘z qarashlarini yozadi.

 

Uning taʼkidlashicha, hukumat avtomobil olib kirish uchun boshqa barcha to‘siqlarni olib tashlab, import qilingan avtomobil uchun 10% lik boj joriy qilsa, import qilinayotgan avtomobillar 15% ga teng QQSni to‘lasa, natijada chegaradagi umumiy to‘siqlar 25% ni tashkil etadi. Bu hozirgi holatdan taxminan 3-4 marta pastroq degani.  

 

Chegaradagi to‘siqlarning bunday keskin pasayishi ortidan milliy zavodimiz chet ellik ishlab chiqaruvchilarga ichki bozorni butunlay boy bersa, yaʼni faoliyatini to‘xtatsa nima bo‘ladi?

Yengil avtomobillarning yillik isteʼmoli 350 mingtaga yetsa, xo‘sh bu qanday natijalarga olib keladi?

 

“Agar import qilinadigan yengil avtomobilning o‘rtacha narxi taxminan 10 ming dollarni tashkil etsa, unda yangi rejimda 10% lik bojlarning umumiy tushumi 350 million dollar yoki taxminan 3,7 trillion so‘mni tashkil etadi. 15% lik QQSning umumiy tushumi esa, 525 million dollar yoki taxminan 5.6 trillion so‘m bo‘ladi”, — deya hisob-kitob qiladi deputat.

 

Shuningdek, Doniyor G‘aniyev 2020 yilgi maʼlumotlarni ham keltirib o‘tadi:

 

“2020-yilning maʼlumotlariga ko‘ra, zavod to‘lagan soliqlarning jami miqdori 2 trln. so‘mni tashkil etgan.  Agar eʼtibor qiladigan bo‘lsak, chegaradagi bojlar pasaytirilib QQSdan olinadigan tushumlar zavod to‘lagan soliqlardan 2.8 marta ko‘proq. Yaʼni agar hukumat yuqoridagi qarorni qabul qilsa, byudjetga soliq tushumlar kamaymaydi balki, qo‘shimcha 3.6 trln. so‘mga oshishi mumkin. O‘ylaymanki, 10% lik boj tushumlari ham hozir import qilinayotgan avtomobillardan tushadigan tushumdan ancha ko‘proq ko‘rsatgichni tashkil qiladi”.

 

Deputatning taʼkidlashicha, baʼzi manfaatdor guruhlar, xususan, UzAuto Motors turli imtiyozlar evaziga avtomobillarni bojlarsiz import qilmoqda.

 

Shu o‘rinda yagona bir savol: Agar zavod yopilib ketsa, nima bo‘ladi? Albatta o‘rinli savol. Chunki bunda 10 minglab odamlar ishsiz qolishi mumkin.

 

“Maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilning yarim yilligida hukumat tomonidan zavodga jami 177 mln. dollarlik imtiyozlar taqdim etilgan. Agar zavoddagi ishchilarning o‘rtacha maoshi 300 dollarni tashkil etadi deb qarasak, unda zavoddagi barcha ishchilarga bir yil davomida oyliklarini to‘lab turish 36 mln. dollarga tushadi.  Yaʼni bu miqdor hukumat zavodga taqdim qilayotgan imtiyozlardan taxminan 10 marta arzonroq.  Boshqacha aytganda, agar zavod yopilib ketsa, hukumat ishchilarga ish topib olguncha oyliklarini to‘liq to‘lab turishi mumkin. Bu hukumatning zavodga berib kelayotgan yoki berishga tayyor bo‘lgan imtiyozlaridan o‘n marta arzonroqqa tushadi”, - deya mazkur muammoga yechim beradi Doniyor G‘aniyev.

 

Olamgir Abdiyev

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика