Qozog‘istonda yaqin kunlarda keskin sovuq ob-havo kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Kazgidromet sinoptiklari 13–15-yanvar kunlari mamlakat hududiga Novaya Zemlya tomondan sovuq antitsiklon kirib kelishini ma’lum qildi. Bu haqda Tengri news xabar bermoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qish faslining boshida iliq ob-havo hukm surgan bo‘lsa-da, endilikda haqiqiy qish o‘zini namoyon qilmoqda. Sovuq antitsiklon dastlab mamlakatning shimoliy hududlariga ta’sir ko‘rsatadi, so‘ngra sharqiy va boshqa mintaqalarga yoyiladi.
Prognozlarga ko‘ra, 14-yanvar kuni Qozog‘istonning shimoliy hududlarida, 15-yanvar kuni esa sharqiy viloyatlarda tungi havo harorati −30…−38 darajagacha tushishi kutilmoqda. Bu aholiga kundalik hayot va transport harakatida muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.
Shuningdek, antitsiklonning tez harakatlanishi shamol kuchayishiga sabab bo‘ladi. Mamlakatning shimoliy qismidagi ayrim hududlarda shamol tezligi soniyasiga 28 metrgacha yetishi mumkin. Sinoptiklar aholiga ehtiyot choralarini ko‘rishni va ob-havo ogohlantirishlariga amal qilishni tavsiya etmoqda.


