Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi 2026-yilga mo‘ljallangan diniy sanalar taqvimini tasdiqladi. Bu haqda Kazinform axborot agentligi xabar berdi.
Tasdiqlangan taqvimga ko‘ra, 2026-yilda muqaddas Ramazon oyining birinchi kuni 19-fevralga to‘g‘ri keladi. Laylat ul-Qadr (Qadr kechasi) 16-martdan 17-martga o‘tar kechasi bo‘lishi kutilmoqda. Iyd al-Fitr bayrami 20-mart kuni nishonlanadi.
Shuningdek, Iyd al-Adha (Qurbon hayiti) 27–29-may kunlariga belgilangan.
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining ma’lum qilishicha, hijriy oylarning boshlanishi Musulmon dunyosidagi xalqaro astronomik tadqiqot markazlari ma’lumotlari asosida aniqlanadi. Shu bilan birga, fatvo mutaxassislari diniy bayramlarning aniq sanalari yangi oy ko‘rinishiga qarab bir kunga o‘zgarishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda Qozog‘istonda Ramazon oyi 1-martda boshlangan, Qadr kechasi esa 26-martdan 27-martga o‘tar kechasi to‘g‘ri kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, musulmonlar idorasi avvalroq shariat nuqtai nazaridan deepfeyk texnologiyalaridan foydalanishni taqiqlovchi fatvo e’lon qilgan. Unda Islom texnologiyaga qarshi emasligi, biroq deepfeyklar ko‘pincha aldov va yolg‘on maqsadlarda qo‘llanilayotgani qayd etilgan.


