Tojikistondagi Rog‘un gidroelektr stansiyasida (GES) favqulodda hodisa yuz berdi. Avariya oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, bir kishi jarohatlandi. Hodisa 12-noyabr kuni Rog‘un GES qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlar GES obyektlaridan birida ishlagan “Xokrud” kompaniyasi xodimlari bo‘lgan. 39, 40 va 51 yoshli erkaklar halok bo‘lgan. Hozircha aynan nima bo‘lgani ma’lum emas.
Tarmoqlarda tarqalgan, rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, ishchilar ustiga “platforma” tushib ketgan. Bu esa uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Holat yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzilib, tergov harakatlari boshlangan. Stansiya qurilishida avval ham baxtsiz hodisalar kuzatilgan.
2019 va 2020-yillarda “asr qurilish maydonchasi”da 20 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Biroq Rog‘un GESi mas'ullaridan hech kim javobagarlikka tortilmagan, deyiladi xabarda.


