Rossiyada birinchi islom bankini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar faol bosqichga kirdi. Bu haqda Davlat dumasi Moliya bozori qo‘mitasi raisi Anatoliy Aksakov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha biznes vakillari va musulmon jamoatchiligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.
Aksakov ushbu bayonotni Qozon shahrida Islom moliya institutlari uchun hisob va audit tashkilotining (AAOIFI) vakolatxonasi ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida bildirgan. U Markaziy bank ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi va bankni tashkil etish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi kutilayotganini aytdi.
Ma’lumki, islom bankchiligi Rossiyada 2023 yildan buyon tajriba tariqasida Dog‘iston, Checheniston, Boshqirdiston va Tataristonda joriy etilgan. Ushbu hududlarda foizsiz moliyaviy xizmatlar va shariat tamoyillariga asoslangan operatsiyalar sinovdan o‘tkazilmoqda.
2025 yil yozida mazkur eksperiment 2028 yil 1 sentyabrgacha uzaytirildi va ruxsat etilgan operatsiyalar ro‘yxati kengaytirildi. Mutasaddilarga ko‘ra, kelgusida Rossiyaning boshqa hududlari ham islom moliyasi loyihasiga qo‘shilishi mumkin.


