1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi tufayli 2026-yilda 40 ming nafar hindistonlik ishchi jalb qilinadi

2030-yilga borib Rossiyada kadrlar tanqisligi 3 mln nafardan oshishi mumkin.

Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi tufayli 2026-yilda 40 ming nafar hindistonlik ishchi jalb qilinadi

 

Rossiyada mehnat bozorida kuzatilayotgan keskin ishchi kuchi tanqisligi fonida Hindistondan mehnat muhojirlarini jalb etish ko‘lami kengaymoqda. 2026-yil davomida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga kamida 40 ming nafar Hindiston fuqarosi ishlash uchun kelishi kutilmoqda deb xabar berdi mk.ru nashri.

 

Dehlidagi bandlik bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar maʼlumotlariga ko‘ra, hindistonlik ishchilar asosan poytaxt va yirik sanoat markazlariga yo‘naltiriladi. Ushbu hududlarda qurilish, logistika, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kuchiga talab yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

 

Qayd etilishicha, Rossiyaga kelayotgan mehnat muhojirlarining aksariyati 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklardan iborat. Ular ombor xo‘jaliklari, qurilish, klining, to‘qimachilik hamda ishlab chiqarish tarmoqlarida faoliyat yuritadi. Ayrim hollarda yuqori malakali mutaxassislar ham jalb etilmoqda, biroq asosiy eʼtibor jismoniy mehnat talab etiladigan sohalarga qaratilgan.

 

Ish beruvchilar til to‘sig‘i mavjudligini taʼkidlashmoqda. Ko‘plab hindistonlik ishchilar rus tilini yetarli darajada bilmaydi, bu esa ishlab chiqarish jarayonida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Shunga qaramay, ularning mehnat intizomi, jismoniy chidamliligi va ingliz tilini bilishi muhim ustunlik sifatida baholanmoqda.

 

Rasmiy statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2022-yilda hindistonlik fuqarolarga berilgan ish ruxsatnomalari soni 8 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 70 mingdan oshgan. Vizali davlatlardan kelayotgan ishchilarning yillik shartnoma asosida va aniq ish beruvchiga bog‘langan holda faoliyat yuritishi Rossiya mehnat bozori uchun qulay mexanizm sifatida qaralmoqda.

 

Mazkur jarayon Rossiyada ishsizlik darajasi 2,1 foizgacha pasaygan va iqtisodiyotda 2,6 milliondan ortiq xodimga ehtiyoj mavjud bo‘lgan sharoitda amalga oshmoqda. Mutaxassislar 2030-yilga borib ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj 3 million nafardan oshishini prognoz qilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика