Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyatida O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan Ikkinchi jahon urushi faxriylariga bag‘ishlangan yodgorlikni hurmatsizlantirish holati bo‘yicha jinoiy ish ochildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 28-iyun kuni Sredneuralsk shahrida sodir bo‘lgan. 19 yoshli o‘zbekistonlik yigit Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘lganlarga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasidagi “Mangu alanga”dan sigaret yoqqani uchun javobgarlikka tortildi.
Sud materiallariga ko‘ra, mazkur harakat Rossiya Jinoyat kodeksining 354.1-moddasi 3-qismi — harbiy shon-shuhrat ramzlarini tahqirlash, vatan himoyachilari xotirasini ochiqdan-ochiq haqorat qilish va natsizmni reabilitatsiya qilish bo‘yicha ayblangan.
Ish alohida tartibda ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi o‘z aybini tan olib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi. Sud qaroriga ko‘ra, unga 320 soatlik majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi. Mazkur hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.


