Kecha, 4-aprel kuni Samarqandda Markaziy Osiyo Iqlim forumi o‘z ishini boshladi. Unda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.
“O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlarini taqdim etish men uchun katta sharafdir.
Markaziy Osiyo — tabiiy omillarga eng taʼsirchan mintaqalardan biri hisoblanadi: 70 yil davomida bu hududda harorat 1,5–2°S ga ko‘tarilgan. Orol fojiasi esa global ekologik inqirozning ramziga aylangan.
Hozirda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Markaziy Osiyoning yashil rivojlanish” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. U yashil texnologiyalardan tortib barqaror urbanizatsiyagacha bo‘lgan barcha sohalarni to‘la qamrab oladi. Ushbu konsepsiya SOP30 forumida qabul qilinishiga umid qilamiz.
Orolbo‘yi va Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish shaxsan men uchun ustuvor vazifadir. Bu borada uchta yo‘nalishda — ekologiya, infratuzilma va madaniy tiklanish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Ertaga Nukusda ochilishi bo‘lib o‘tadigan Orol madaniyat sammiti ham fan, sanʼat va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Biz muloqot va hamkorlikka ochiqmiz. Faqatgina birgalikda biz Yer yuzini asrab qolishimiz va farzandlarimiz, nabiralarimiz hamda bizdan keyingi barcha avlodlar uchun yaxshiroq kelajakni barpo etishimiz mumkin”, deb yozdi Mirziyoyeva.


