Samarqand viloyatida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash sohasida to‘plangan qarzdorliklarni undirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan ichimlik suvi xizmatlari uchun yuzaga kelgan qarzdorliklarni undirish bilan bog‘liq jami 6 130 ta ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi. Ushbu ijro hujjatlarining umumiy qiymati 43 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Olib borilgan ijro tadbirlari natijasida 5 394 ta ijro hujjatining ijrosi taʼminlanib, jami 35,5 mlrd so‘m undirishga erishildi. Shu jumladan, 4 288 ta ijro ishi bo‘yicha 12,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qarzdorlardan amalda undirildi.
Shuningdek, qarzdorliklarni bartaraf etish maqsadida qarzdorlarga tushuntirish ishlari olib borildi, ixtiyoriy to‘lov qilish uchun muddatlar belgilandi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan majburiy ijro choralari qo‘llanildi. Natijada, viloyat bo‘yicha ichimlik suvi xizmatlari uchun qarzdorliklar sezilarli darajada kamaydi.


