Ijtimoiy tarmoqda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida YPX xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi tortishuvli vaziyat aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB maʼlumot berdi.
Holat 18 fevral kuni soat 15:40 larda Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi A-378 avtomobil yo‘lining 23-kilometrida yuz bergan. YPX xodimlari Spark haydovchisini to‘xtatib, undan meʼyoriy hujjatlarini taqdim etishi so‘raganda haydovchi hujjatlari yo‘qligini maʼlum qilgan. Qoidabuzarlik holati bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida atrofda bo‘lgan uch nafar fuqarolar xodimlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilishiga ham qarshilik ko‘rsatgan.
Haydovchiga nisbatan Yo‘l harakati qoidalarining 7-bandini buzganligi bo‘yicha Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi tartibida bayonnoma tuzilib, Spark rusumli avtomobil ushbu Kodeksning 291-moddasi tartibida vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
“YPX xodimlarining qonuniy xizmat faoliyatiga xalaqit bergan fuqarolar bo‘yicha tegishli hujjatlar to‘planmoqda”, — deyiladi xabarda.


