Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etish maqsadida Samarqandga tashrif buyurdi. Davlat rahbarining tashrifi ezgu anʼanaga muvofiq Imom Buxoriy maqbarasiga ziyorat bilan boshlandi. Majmuada Qurʼon tilovati qilingan, duo o‘qilgan va so‘nggi pardozlash ishlari bilan tanishildi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi 44 gektar maydonga ega bo‘lib, uning tarkibiga mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid, maʼmuriyat binosi, muzey va 75 metrlik minoralar kiradi. Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani sifatida ham xizmat qiladi.
Yangi tashkil etilgan innovatsion muzeyda Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, Qurʼonda zikr qilingan payg‘ambarlar tarixi, hadislarning jamlanishi haqidagi maʼlumotlar namoyish etiladi. Majmua atrofida mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish binolari qurilishi yakunlangan bo‘lib, bu yerda ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.


