Markaziy Osiyo + Yaponiya sammitida ishtirok etish uchun borgan Tokioga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev forumda nutq so‘zlab, Yaponiya xususiy sektorini Markaziy Osiyo davlatidagi strategik foydali qazilmalar sohasiga sarmoya kiritishga chaqirdi. Bu haqda “NHK World News” xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi biznes forumda ikki davlat hukumati va biznes vakillarini o‘z ichiga olgan 150 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan.
“Mirziyoyev yapon kompaniyalari O‘zbekistonda sanoatlashtirish jarayonini jadallashtirishga, jumladan ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga, shuningdek mehnat unumdorligi va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga faol hissa qo‘shishiga umid bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Prezident barqaror energiya taʼminoti va kritik foydali qazilmalarni rivojlantirish sohalarini investitsiya uchun ustuvor yo‘nalishlar sifatida alohida taʼkidlagan.
Yaponiyaning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Akazava Ryosey Yaponiya xususiy sektor tashabbuslarini qatʼiy qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishini maʼlum qildi.
Forum doirasida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Yaponiya kompaniyalari qayta tiklanuvchi energiya va mineral qazib olish sohalaridagi amaldagi ishlari hamda kelgusi rejalarini taqdim etdi. O‘zbek kompaniyasi vakili esa mamlakatga Yaponiyaning jahonda yetakchi texnologiyalari zarurligini, shu bilan birga, investitsiya muhiti so‘nggi yillarda sezilarli darajada yaxshilanganini bildirgan.
Nashrning yozishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi boy foydali qazilmalar va energetik resurslarga ega bo‘lib, Yaponiyaning iqtisodiy xavfsizligi uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.


