Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan odobsiz xatti-harakat qilgan erkak sud tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, voqea 2025-yil 7-sentabr kuni sodir bo‘lgan. Mast holatda bo‘lgan fuqaro to‘ydan qaytayotgan vaqtida 2009-yilda tug‘ilgan qo‘shni qiz bilan yo‘lda to‘qnashib qolgan. U qizning yo‘lini to‘sib, telefon raqamini so‘ragan va qo‘lidan ushlashga uringan.
Sud majlisida erkak qilgan ishini qisman tan olgan. U o‘z so‘zida “shilqimlik” niyatida bo‘lmaganini, biroq mast holatda nojo‘ya harakat qilganini aytgan hamda qilgan ishidan afsusda ekanini bildirgan.
Sud holatni o‘rganib chiqqach, fuqaroning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari doirasida baholab, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.


