Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tahdid va jismoniy bosim orqali tovlamachilik bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, jinoiy guruhga ilgari sudlangan 35 yoshli shaxs rahbarlik qilgan. Guruh tarkibiga sport bilan shug‘ullanadigan, yoshi 23 dan 39 gacha bo‘lgan uch nafar sherigi ham kirgan. Ular fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish, qo‘rqitish va tahdidlar orqali noqonuniy yo‘llar bilan pul talab qilgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, guruhning jinoiy harakatlari oqibatida 10 nafardan ortiq fuqaro, jumladan voyaga yetmaganlar tan jarohati olgan. Xususan, bir holatda gumonlanuvchilar yer nizosiga noqonuniy aralashib, jabrlanuvchidan 20 million so‘m talab qilgan hamda uning oila aʼzolariga bosim o‘tkazish bilan tahdid qilishgan.
Boshqa bir holatda esa, ular uchinchi shaxslar o‘rtasidagi qarz munosabatlariga aralashib, jabrlanuvchini axloqsiz harakatlarga majburlagan, ushbu jarayonni videoga olib, keyinchalik yozuv orqali shantaj qilgan. Natijada jabrlanuvchi talab qilingan pulni to‘lashga majbur bo‘lgan.
Shuningdek, to‘da aʼzolari yoshlar orasida ham tovlamachilik bilan shug‘ullangan. Ayrim holatlarda jabrlanuvchilarni majburan avtomashina ichiga o‘tqazib, tashlandiq hududlarga olib borib, tig‘li qurol bilan tahdid qilishgan. Tergov davomida jinoiy guruh tomonidan jami qariyb 39 ming 800 AQSH dollari miqdorida pul undirilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 137-moddasi (odam o‘g‘irlash), 138-moddasi (noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) hamda 141-3-moddasi (shaxs shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) bilan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


