1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Ilm-fan

Suvdan foydalanish tartibi belgilandi

Suv va suvdan foydalanish, unga bo‘lgan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan Qonun maʼqullandi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Suvdan foydalanish tartibi belgilandi

 

Mazkur Qonun bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari kuchaytiriladi.

 

🔹 Qonunga binoan, suv isteʼmolchilari uyushmalarining faoliyati o‘z aʼzolarining har yillik aʼzolik badali bilan moliyalashtiriladi.

 

🔹 Shartnoma asosida suvni yetkazish va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlariga ketadigan xarajatlar joriy etiladigan to‘lovlar, shuningdek, yuqoridagi qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham qoplanadi.

 

🔹 Bundan tashqari, foydalanuvchilar majburiyatlari qatoriga raqamli texnologiyalarni joriy qilish shartligi ham kiritilmoqda.

 

🔹 Endilikda korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolarga suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalari rejimini buzish taqiqlanadi.

 

🔹 Agar qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv resurslaridan foydalanuvchi isteʼmolchilar o‘z majburiyatlariga qo‘shimcha tarzda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq loyiha tashkil etsa, davlat byudjetidan ajratilgan subsidiyalardan kamida besh yil samarali foydalanishi mumkin bo‘ladi.

 

🔹 Shu qatorda, suvni tejash imkonini beradigan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish ham shartli etib belgilanmoqda.

 

🔹 Suv yetkazadigan zararli taʼsirdan muhofaza qilish, zararli taʼsirning oldini olish va uni bartaraf etish chora-tadbirlari ham ishlab chiqilmoqda.

 

🔹 Bunda obyekt davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning balansida bo‘lishi lozim. Suv isteʼmolchilari balansidagi obyektlar esa o‘z mablag‘lari hisobidan yangilanishi, taʼmirlanishi aytilmoqda.

 

Mazkur Qonundagi ko‘rsatmalarni hayotga tatbiq etishdan maqsad, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirish va suvdan oqilona foydalanilishdir.

 

Shu bilan birga, suv isteʼmolchilari uyushmalarining suvdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish, ko‘rsatilgan suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida undirilishini ham taʼminlashdir.

 

Yuqoridagi tadbirlar suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sherikchilik tamoyillarini joriy qilish va xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi.

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

Avvalroq havoga sochilgan hayot — Mikroklimat bir kunda qancha isteʼmol suvini sarflashi hamda Yangiyo‘ldagi suv muammosiga hokimlik eʼtibor qaratgani haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика