Tesla kompaniyasi asoschisi Ilon Mask kompaniyaning yangi avtonom roboti — Optimusning jangovar mashg‘ulotdagi videotasvirini ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida e’lon qildi.
Videoda robot inson bilan kung-fu mashg‘ulotida qatnashib, harakatlarga sinxron tarzda javob qaytarayotgani, zarba va himoya bloklarini muvofiqlashtirilgan, raqsga o‘xshash uslubda bajarayotgani aks etgan.
Mask robot o‘z ichiga o‘rnatilgan sun’iy intellekt yordamida mustaqil ishlashini va inson boshqaruvisiz harakat qilayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek, robotning tezligi va silliqligi sezilarli darajada yaxshilanganini ta’kidladi.
Tesla kompaniyasining sun’iy intellekt bo‘yicha vitse-prezidenti Ashok Ellusvami kompaniya Optimus robotlari va avtopilot tizimli elektromobillar uchun yagona AI platformasini yaratish ustida ishlayotganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Tesla Optimus ilk bor 2021-yil 19-avgustda taqdim etilgan bo‘lib, 2022-yilda ishchi prototipi namoyish qilingan. Qurilma 2026-yilda sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.


