Joriy yilning 16 yanvar kuni taxminan soat 17:00 atrofida Toshkent shahar Uchtepa tumani IIO FMB NQga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Uchtepa tumani, 1-Tong ko‘chasi 25-uyda yashovchi fuqarolar M.N., S.S., Z.A., M.S. hamda F.S. xushsiz holda o‘z yashash xonadonida topilganligi holati yuzasidan xabar kelib tushgan.
Voqea joyi va murda tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan vaqtda fuqarolar 1987 yilda tug‘ilgan M.N. va 2020 yilda tug‘ilgan S.S. vafot etganligi maʼlum bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Shuningdek, RSHTYOIMning toksikologiya bo‘limiga og‘ir ahvolda olib borilgan 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.A. ham ko‘rsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan 2023 yil 17 yanvar kuni vafot etgan.
Bundan tashqari fuqarolar 2011 yilda tug‘ilgan M.S., 2023 yilda tug‘ilgan F.S. hushsiz holatda topilib, RSHTYOIMning Toksikologiya jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan.
Hodisa joyidan turli xil giyoh va dori vositalari, xonadonda isteʼmol qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining barchasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Joriy yil 16 yanvar kuni Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan JKning 186-moddasi 4-qismi “a” bandi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


