Toshkent shahrida fuqaro tomonidan uyini ta’mirlash jarayonida qurol-aslaha, o‘q-dorilar hamda portlovchi moddalar topildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2-dekabr kuni 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining 102 qisqa raqamiga murojaat qilib, yashash xonadonida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan paytda yerto‘ladan qurol va o‘q-dorilar aniqlanganini hamda ularni ixtiyoriy ravishda topshirish niyatida ekanini bildirgan.
Hodisa joyiga yetib borgan huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan fuqaroning yashash xonadoni yerto‘lasida bir dona RGD-5 qo‘l granatasi, TOZ-8 rusumli bitta o‘qotar qurol, IJ-27E rusumli bitta o‘qotar qurol, portlatish qurilmasi, besh dona qo‘l granatasi zapali, bir dona elektrodetonator va unga tegishli portlovchi shnur, shuningdek, 546 dona turli xil jangovar o‘q-dorilar hamda 1100 dona pnevmatik qurol o‘qlari va o‘tkir tig‘li buyumlar mavjudligi aniqlandi.
Tezkor surishtiruvlar davomida ushbu qurol-aslaha, o‘q-dorilar va portlovchi moddalar fuqaroning marhum otasiga tegishli bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. U ilgari Mudofaa vazirligining turli bo‘linmalarida xizmat qilgan hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Qurolli kuchlar akademiyasidan nafaqaga chiqqan.
Ichki ishlar vazirligi noqonuniy ravishda qurol, o‘q-dori va portlovchi moddalarni saqlash, olib yurish yoki ularni ixtiyoriy topshirmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq, ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.


