Toshkentda 475 km.ga yaqin 34 ta alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etiladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l-harakat xavfsizligi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyev maʼlum qildi.
Hozirgi kunda Toshkent shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab 475 km.ga yaqin 34ta alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Rejaga ko‘ra, yaqin bir hafta ichida asosiy — Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari bo‘ylab yo‘lakchalar tashkil etiladi. Qolgan ko‘chalarda esa 1-2 oy ichida to‘liq tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, poytaxtda avtobuslar uchun chizilayotgan yo‘lakchalar jamoat transportlarining tirbandlikda qolmasligi uchun zarur.
Ushbu yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Qolgan avtotransport vositalariga esa harakatlanish taqiqlanadi va bu tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.
“Ammo har qanday avtomobilga maʼlum sababga ko‘ra, masalan, yo‘l yoqasidagi obyektlarga yoki ko‘chaga kirish uchun ushbu yo‘lakda foydalanishga ruxsat etiladi. Buning uchun yo‘lakchalarda uziq chiziqlar mavjud bo‘lib, taxminan 40-50 metr masofa belgilanadi”, — deydi u.
Ko‘cha yoki obyekt boshlangan joyda ushbu uziq chiziqlarning taʼsir doirasi tugaydi va avtomobillar avtobuslar uchun mo‘ljallangan yo‘lakchani bo‘shatib qo‘yishlari talab etiladi.