AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo sektori bo‘yicha yangi xalqaro siyosiy mexanizm — “Tinchlik kengashi”ni shakllantirish tashabbusi bilan chiqdi. Axios nashrining amerikalik rasmiyga tayanib xabar berishicha, Tramp mazkur kengashga jami 58 nafar davlat yetakchisini taklif qilgan.
Bu holat tashabbusning nafaqat Yaqin Sharq, balki kengroq geosiyosiy hududlarni ham qamrab olishga qaratilganini ko‘rsatadi.
Kengash nizomiga ko‘ra, aʼzo davlatlar yetakchilari yiliga bir marta yig‘iladi va ushbu yig‘ilishga AQSH prezidenti raislik qiladi. Eng eʼtiborli jihati shundaki, kengash raisi — yaʼni AQSH prezidenti — deyarli cheklanmagan vakolatlarga ega bo‘ladi. U istalgan qarorga veto qo‘yishi, kengashga qaysi davlatlar aʼzo bo‘lishi yoki qaysilari aʼzolikdan chetlatilishini bir tomonlama belgilashi mumkin.
Doimiy aʼzolikni istagan davlatlar uchun belgilangan talab esa yana-da bahsli: ular 1 milliard AQSH dollar to‘lovni amalga oshirishi lozim. AQSH maʼmuriyati bu mablag‘lar “G‘azoni tiklashga yo‘naltirilishi”ni vaʼda qilmoqda. Biroq siyosiy doiralarda bu to‘lov xayriya yoki gumanitar yordamdan ko‘ra, davlatning ushbu formatga sodiqligini ko‘rsatuvchi siyosiy majburiyat sifatida baholanmoqda.
Kimlar taklif qilindi, kimlar rad etdi?
“Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish taklifi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga ham yuborilgan. Ozarbayjon ushbu taklifni olgan-olmagani hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Ozarbayjon va Fransiya taklifni olgan, biroq uni qabul qilmagan. Fransiya rasmiylari Tramp tashabbusiga hozircha qo‘shilmasligini ochiq maʼlum qildi. Yevropaning yana bir qator davlatlari ham bu tuzilmani BMT Xavfsizlik kengashiga raqobat yaratishga urinish sifatida baholab, jiddiy shubha bildirgan.
Manbalarga ko‘ra, Tramp Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahoni Iqtisodiy forumida “Tinchlik kengashi” vakolatlari kengaytirilishini eʼlon qilishi kutilmoqda. Agar bu rejalar amalga oshsa, tuzilma faqat G‘azo sektori bilan cheklanib qolmay, “Butunjahon tinchlik kengashi” sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Ayrim ittifoqchilar bu tashabbusni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashiga muqobil mexanizm yaratish yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida baholamoqda.
Tramp tomonidan “Tinchlik kengashiga” taklif etilgan 58 ta mamlakatning aniq ro‘yxati hali eʼlon qilinmadi. Biroq G‘arb mediasida kimlar taklif etilganu, kimlar rad etgani haqida haqida xabarlar tarqalmoqda. Taklif etilganlar orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari ham bor. Manbalarga ko‘ra, har ikki davlat rahbari Trampning taklifini qabul qilgan.
Oq uy pozitsiyasi va Yevropa bilan keskinlik
Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni keskin tanqid qildi. U Fransiyani kengashga qo‘shilishga undash maqsadida fransuz vinolari va shampanlariga 200 foizlik boj joriy etilishi mumkinligini aytdi. Tramp, shuningdek, kengashda “baribir Makronni hech kim xohlamasligi”, chunki u “tez orada lavozimidan ketishi”ni ham taʼkidladi.
Rasmiy bayonotlarda “G‘azoni tiklash” asosiy maqsad sifatida ko‘rsatilayotgan bo‘lsada, “Tinchlik kengashi” ko‘proq AQSH markazli yangi siyosiy arxitektura sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu tuzilma xalqaro huquq va tenglik tamoyillariga emas, balki moliyaviy imkoniyat, siyosiy sadoqat va kuch omiliga tayanadi.
Agar mazkur model kengayib, doimiy tus olsa, u xalqaro munosabatlarda muhim burilish yasashi mumkin. Bu esa BMT yetakchiligidagi anʼanaviy ko‘p tomonlama tizimdan uzoqlashib, kuchli davlatlar tomonidan boshqariladigan yangi format shakllanishiga olib kelishi ehtimolini kuchaytiradi.


