Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Sochidagi uchrashuvda Rossiya gazi uchun rublda to‘lovlar bo‘yicha kelishuvga erishganini tasdiqladi.
“Biz Putin bilan tabiiy gaz sotuvi uchun rublda to‘lashga kelishib oldik. Umid qilamizki, bu har ikki tomon uchun moliyaviy foyda keltiradi”, — deya Erdo‘g‘anning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “Interfaks” nashri.
Turkiya prezidenti Ukrainadan dengiz orqali g‘alla eksportini ta’minlash sohasida Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikni ham tilga oldi va “20 ga yaqin kema navbatda turganini” aytdi.
Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, u Putinga Turkiya mintaqada tinchlikka erishish uchun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralarni qabul qilishga tayyorligini aytgan.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘on Turkiyada qurilayotgan Akkuyu atom elektr stansiyasini shaxsan o‘zi ko‘zdan kechirish, so‘ngra Putinga obyektdagi vaziyat haqida aytib berish va keyingi qadamlarni birgalikda belgilash niyatida ekanligini ma’lum qildi.


