Тadbirda Ashxobod shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar rahbarlari va xodimlari, Turkmaniston jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi haqida maʼlumot berildi.
Saylovlarning demokratik norma va standartlarga mos o‘tkazilishini taʼminlash uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi hamda 400 dan ziyod xorijiy kuzatuvchi taklif etilgani qayd etildi. Shuningdek, saylovlarni yoritish uchun xorijiy ommaviy axborot vositalarining 200 dan ortiq vakili akkreditatsiyadan o‘tgani taʼkidlandi.
Taʼkidlanishicha, xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekistonning diplomatiya muassasalari huzurida 54 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: xorijdagi saylovchilar elektron ro‘yxatini tuzish uchun maxsus sayt ishga tushgan. O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatadigan 37 mamlakatda 54 ta statsionar saylov uchastkalari tashkil etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 14-20 oktabr kunlari prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladi. Muddatidan oldin ovoz berish uchun saylovchi sababini ko‘rsatgan holda tegishli saylov uchastkasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Avvalroq Islom hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekistonga kelgani, Buyuk Britaniya, Malayziya, Pokiston va Niderlandiyada muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangan xabar qilingandi.


