Xitoyda yangi va noodatiy psixologik xizmat tobora ommalashib bormoqda: yolg‘izlik va stressdan charchagan ayollar begona erkaklarni quchoqlash evaziga pul to‘lamoqda.
Quchoqlash xizmatining mashhurligi ortib borayotgani bejiz emas. Ayollarning so‘zlariga ko‘ra, qisqa muddatli jismoniy yaqinlik (hatto notanish inson bilan bo‘lsa ham) ularga ruhiy taskin, xavfsizlik hissi va sokinlik bag‘ishlaydi. Ushbu xizmat narxi 5 daqiqa uchun 7 dollarni tashkil etadi.
Mahalliy ayollardan biri o‘z boshidan o‘tgan voqeani internetda baham ko‘rdi: u dissertatsiya yozish bosqichida og‘ir stressni yengillashtirish uchun erkak bilan quchoqlashish xizmatidan foydalanganini aytdi. “Meni quchoqlashganda o‘zimni xavfsiz va barqaror his qilaman”, — deb ta’kidladi u.
Qiziq jihati shundaki, bu turdagi "quchoq seanslari" ko‘pincha jamoat joylarida — metro stansiyalari, savdo markazlari yoki park hududlarida amalga oshiriladi. U yerda maxsus “quchoqlash mutaxassislari” bilan bevosita tanishish mumkin.


