Bu texnik mashina “HT Aero” deb nomlangan. Vizual jihatdan kompaniyaning “XPeng P7”siga o‘xshaydi. U uchta eshik, ikkita o‘rindiq, elektromotor va uchish uchun ikkita parrakka ega. Avtomobil avtopilot tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, bu yo‘llar va havodagi boshqaruvga yordam beradi.
Korporatsiya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, “HT Aero” past balandlikdagi parvozlar uchun mo‘ljallangan. Ruldan tashqari salonda havoda harakatlanish uchun joystikka o‘xshash boshqaruv tugmasi mavjud.
Taqdim etilgan avtomobil uzunligi 5,5 metrdan iborat. Uning “XPeng P7” modelidan farqi, undan 50 foizga yengilroq kuzovga egaligidir.
Havoga ko‘tarilgan “HT Aero” soatiga 130 kilometrgacha harakatlanishi mumkin. Parvoz vaqti esa 30 daqiqa. To‘g‘ri, bu hozircha juda kam muddat.
“XPeng” kompaniyasi 2024 yilgacha mazkur gibrid qurilmani ommaviy ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Yangi mashina taxminan 1 million yuan yoki taxminan 11 million rublga baholanmoqda.
Bundan avval amerikalik milliarder Jef Bezos New Shepard havo kemasining parvoziga oid yangi videoni taqdim etgani, Tesla elektr transport vositalarining avtopilotida xatolik aniqlagani hamda milliarder Richard Branson Oyda mehmonxona qurmoqchiligi haqida xabar qilingandi.
Olamgir Abdiyev


