Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 1 yoshli bola «Dok-1 Maks» siropidan vafot etdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2021 yilda tug‘ilgan X.Sh 5 kun davomida o‘z turar joyida «Dok-1 Maks» siropini isteʼmol qilib kelib, sog‘ligi yomonlashgani sababli 27 dekabrda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelingan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, u 28 dekabr kuni vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Hurmatli fuqarolar, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 23.12.2022 yildagi buyrug‘i bilan ‘Dok-1 Maksʼ dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan. Shunga ko‘ra, Sizlardan ‘Dok-1 Maksʼ dori vositalarini qabul qilmaslikni, ushbu dori vositalari sotilayotganligi hamda tavsiya qilinayotganligidan xabar topsangiz darhol prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.


