Yaponiyada 33 yoshli erkak 10 yil davomida pul yig‘ib sotib olgan Ferrari avtomobili birinchi haydashdan atigi bir soat o‘tib yonib ketdi.
Xonkon ismli erkak uzoq kutilgan Ferrari 458 Spider modelini xarid qilganidan so‘ng Tokiodagi Shuto ekspress yo‘lida test-drayvga chiqqan. Haydovchilik vaqtida u avtomobil atrofida oq tutunni payqab qolgan va dastlab bu boshqa mashinaga tegishli deb o‘ylagan. Ammo tutun aynan o‘zining avtomobilidan chiqayotganini fahmlaganida, mashinani yo‘l chetiga to‘xtatib, zudlik bilan o‘t o‘chirish xizmatiga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng, u 43 million iyen (taxminan 306 ming AQSh dollari) evaziga sotib olgan orzusi qanday yonib ketganini 20 daqiqa davomida ko‘zlari bilan kuzatgan. “Men Yaponiyada bu muammoga uchragan yagona odamman deb o‘ylayman. Menda faqat suratlar qoldi”, — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Mahalliy politsiya tergov boshlaganini va dastlabki gumonga ko‘ra, yong‘in avtomobilning dvigatel qismida boshlanganini ma’lum qildi. Hodisa yuzasidan to‘liq tekshiruv davom etmoqda.


