Yerda kuchli magnit bo‘roni kuzatilmoqda va olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu hodisa kamida bir hafta davom etadi.
Ma'lum qilinishicha, bo‘ronning intensivligi 9 ballik shkala bo‘yicha 7 ballga yetib, geomagnit faollikning jiddiy darajasidan darak bermoqda.
NOAAning Kosmik ob-havoni bashorat qilish markazi (SWPC) ma’lumotlariga ko‘ra, bunday bo‘ronlar K-indeks orqali 0 dan 9 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi. Prognozlarga ko‘ra, 31-martdan 2-aprelgacha magnit bo‘ron ayniqsa kuchayishi mumkin.
Olimlar mart va aprel oyining boshlarida Quyosh faolligi yanada ortishini kutmoqda, bu esa yangi geomagnit bo‘ronlarning paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi.
Magnit bo‘ron – Quyoshdan chiqadigan zaryadlangan zarrachalar oqimi natijasida Yer magnit maydonining buzilishidir. Bu zarrachalar sayyoramizga yetib kelgach, magnitosferada tebranish va o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.


