O‘zbekistonning ekologik barqaror rivojlanish strategiyasida beshinchi ustuvor yo‘nalish – atrof-muhit muvozanatini saqlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash hisoblanadi.
Yirik korxonalar uchun havoga chiqariladigan zararli moddalarni nazorat qilish stansiyalari va filtr, tozalash inshootlarini o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.
Toshkent shahri va viloyatida 2 mingga yaqin ko‘mir va gazda isitiladigan issiqxonalar mavjud bo‘lib, endilikda filtrsiz qozonxonalar bekor qilinadi. Ular poytaxt atrofidagi markazlashgan qozonxonalar orqali isitish tizimiga ulanadi. Shu maqsadda 200 gektardan kam bo‘lmagan agroklasterlar tashkil etilib, issiqxonalarni integratsiya qilishga subsidiya ajratiladi.
Transport sohasida ham ekologik chora-tadbirlar kuchaytiriladi. Avtomobillarga chiqarilayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar beriladi. Katta ifloslantiruvchi transport vositalari poytaxt va yirik shaharlarga kirishi cheklanadi. Ularni yangilash yoki filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan avtokreditlar va subsidiya yordamida qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Shahar ichki transportini rivojlantirish ham ustuvor vazifa bo‘ladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida intellektual svetoforlar orqali harakat boshqariladi, avtobus va taksi yo‘laklari ko‘paytiriladi.
Elektromobillarni kengaytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Mahalliy elektromobillarga 12 foiz, xorijiy elektromobillarga 16 foiz avtokreditlar ajratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.
Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.
Ushbu chora-tadbirlar shahar havosini tozalash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimni yaratishga xizmat qiladi.


