Ota-onasi taqdiri bilan qiziqmagan bolalar hayoti Prezident uchun ahamiyatli
“Mehribonlik uyi...” Bu dargoh turli taqdirlar, eʼtiborga tashna, oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onning bahrida unib-o‘sish saodatidan mosuvo qalblarni birlashtirgan mehr maskani. Tug‘iliboq hayot zarbasiga duch kelgan, ota-ona mehridan ayro ayrim murg‘ak qalblarining taqdiri ham bevosita ana shu uy bilan bilan tutash. Shunday bo‘lsa-da, bu maskanda orzulari bir olam, hayot beradigan zarbalardan cho‘chimaydigan, qiyinchiliklarni sabr ila yengib o‘tishga intiladigan bolalar yashaydi.

Mitti yurakda ulkan hayrat bilan
Kecha poytaxtimizdagi 21-mehribonlik uyi jamoasi — tarbiyachilarning ham, tarbiyalanuvchilarning ham xotirasida quvonchli kun sifatida bir umrga muhrlandi. Boisi, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev muassasaga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Tarbiyalanuvchilar bilan dildan suhbat qurib, kelajakka ilk qadam qo‘yish arafasida turgan yoshlar ruhini ko‘tardi. Ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yana-da oshirdi.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan 21-mehribonlik uyida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 122 nafar o‘g‘il-qiz taʼlim-tarbiya olmoqda. Tarbiyalanuvchilarning bilim olishi va mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun sharoitlar yaratilgan. Taʼlim jarayoniga umumtaʼlim fanlari o‘qituvchilaridan tashqari qo‘shimcha tarzda psixolog, logoped, defektolog hamda to‘garak mashg‘ulotlari olib boruvchi mutaxassislar ham jalb etilgan. Biroq to‘garak faoliyatini yuritish uchun malakali mutaxassislarga ehtiyoj seziladi.
Prezidentimiz tarbiyalanuvchilar bilan samimiy suhbat qurdi.
Zaynab 8 yoshda. 1-sinfni bitirdi. U “Mehr-2” operatsiyasi doirasida Suriyadan O‘zbekistonga keltirilgan. Oiladagi 5 nafar farzandning barchasi mana shu muassasa tarbiyalanuvchisi.

Zaynab Suriyadagi notinchliklarning guvohi bo‘lgan. OZODLIK, TINCHLIK, HOTIRJAMLIK kabi ulug‘ neʼmatlarni Ona vataniga kelibgina his etdi. Bu qizaloq mitti yuragida ulkan hayratlarni ko‘tarib yuribdi.
— Men Prezidentga o‘zim yozgan sheʼrimni aytib berdim, — deydi u. — Barcha meni olqishladi. Juda xursand bo‘ldim. Biroz hayajonlandim, ammo sal-da o‘tib ketdi. Kelajakda yaxshi inson bo‘lib, yurtimiz uchun xizmat qilaman. Odamlarga yaxshilik ulashaman.
“Prezidentimiz hayotimni o‘zgartirib yuboradigan qarorni aytdilar”
Mehribonlik uyiga Davlatimiz rahbarining tashrifi Isfandiyor uchun ham qutluq keldi. Chunki u Prezident ko‘magi bilan muddatidan avval Toshkent davlat madaniyat va sanʼat instituti talabasi bo‘ldi.

— Men 2003 yil Jizzax shahrida tug‘ilganman. Ota-onam o‘zaro kelisholmay janjallar tufayli ajrashishdi. Dadam Koreyaga, onam Dubayga ketib qoldi. Biz — opam va singlim bilan ko‘chada qolib ketdik. Qarindoshlarimiz bizni mehribonlik uyiga topshirishdi. Bu yerga kelganimga yetti yil bo‘ldi. O‘zimni o‘z uyimdagidek his qilaman. Bu yil 11-sinfni bitirdim. Bolaligimdan rejissyorlikka qiziqaman. Yaqindagina hujjatlarimni Toshkent davlat sanʼat va madaniyat institutiga topshirdim. Imtihonlarga astoydil tayyorlanayotgan edim. Davlatimiz rahbari biz bilan suhbatda orzularimiz, kelajakdagi maqsadlarimizni ham so‘radilar. Men orzularim haqida so‘zlab berdim. Shunda Prezidentimiz hayotimni o‘zgartirib yuboradigan bir qarorni aytdilar: “Sen davlat byudjeti asosida institutga qabul qilinding!” Nima qilishni, nima deyishni bilmay qoldim. Bu tushga o‘xshardi. So‘z bilan taʼriflab berolmayman. Ajoyib! O‘sha payt meni o‘zgacha his-tuyg‘ular cho‘lg‘ab oldi. Biz kabi o‘z ota-onasi farzandi taqdiri bilan qiziqmagan bolalarning hayoti Prezidentimiz uchun ahamiyatli ekani men uchun katta quvonch, hayotimda ulkan hodisa. Men mamlakatimga sadoqatim, millatimga nafim orqali Prezidentim bildirgan ishonchli, albatta, oqlayman.
Mehribonlik uyining yana bir tarbiyalanuvchisi Milena Novosenova bolaligidan psixolog bo‘lishni orzu qilgan. Onasi ham bu kasb unga omad keltirishini, ushbu kasb orqali jamiyatda o‘z o‘rninini topa olishiga qizaloqni ishontirgan. Orzu maqsadga ishonib, Milena hujjatlarini ayni shu yo‘nalish bo‘yicha topshirgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan u ham muddatidan avval Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi bo‘ldi.
Hech bir bola o‘ksinmasligi kerak!
Bu yerda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarning ko‘nglidagi kemtikni to‘ldirish, qalbiga yo‘l topish tarbiyachilarning zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.
— Mehribonlik uyiga ishga kelganimga 5 yil bo‘ldi, — deydi tarbiyachi To‘xtaxon Sultonova. — Bag‘rimda 20 nafar bolam bor. Ularga chin dildan mehr birib, onalik qilishga harakat qilyapman. Birgina mehr-eʼtibordan ularning ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. O‘zlarini qo‘yarga joy topa olishmaydi. Men buni yurakdan his etaman. Adabiyot fanini yaxshi ko‘rganim uchun bolalardagi ijodkorlik qobiliyatiga alohida eʼtibor qarataman. 13 yoshli Xadicha qizimdagi isteʼdod meni hayratlantiradi. Muntazam kitob o‘qiydi. Darslarni o‘z vaqtida bajaradi. Yaqinda “Tinchlik — bebaho neʼmat” mavzusida insho yozibdi. U Suriyadagi notinchliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganligi bois tinchlikning nima ekanligini murg‘ak qalbi bilan juda yaxshi ilg‘aydi. Inshosini ko‘zimda yosh bilan o‘qidim. Xadicha Prezident maktabiga imtihon topshirdi. Kirib olsa, bu bizga katta quvonch keltiradi. O‘zining hayotida ham katta o‘zgarish bo‘ladi.

Har bir bola baxtli bo‘lishga bolalikning nodir davrlarini surishga to‘la haqli. Jajji yuraklarida ulkan orzularini asrab yurgan qorako‘zlarning qalbi o‘ksimasligi kerak. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Birorta bola “men yetim yoki nogironman” deb o‘ksinmasligi, hech bir bola davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va mehridan chetda qolmasligi kerak. Buning uchun, ularni eng zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, bilim olishiga barcha sharoitlarni yaratib berish barchamiz uchun nafaqat vazifa, balki muqaddas burchdir”.
Bahriniso Madumarova







