Koreyada vafot etgan o‘zbek ayolining o‘limida qotillik alomatlari aniqlanmadi
Mazkur holatga O‘zbekiston TIV oydinlik kiritdi.

Janubiy Koreyada istiqomat qilgan O‘zbekiston fuqarosi Kim Nozima Akmal qizining vafotida qotillik alomatlari aniqlanmadi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot kotibi xabar berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Nozima Kimning o‘limi haqida turli xabarlar tarqalgandi.
Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi voqea sodir bo‘lgan kundan boshlab Janubiy Koreya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda ish olib borayotganini ma’lum qildi. Diplomatik vakolatxona tergov harakatlarining haqqoniy olib borilishini ta’minlash hamda voqea tafsilotlariga oydinlik kiritish maqsadida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.
Tergov jarayonlari haqida aniq ma’lumot taqdim etish maqsadida marhumaning onasi Feruza Alimbekova elchixona va Koreya politsiyasi ko‘magida Janubiy Koreyaga taklif etilgan.
Joriy yil 14-aprel kuni marhumaning onasi, uning advokati hamda elchixona xodimlari ishtirokida Pyontek shahar politsiyasi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Koreya tomoni O‘zbekiston fuqarosining vafoti va hodisa yuz berish tafsilotlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlar haqida ma’lumot berdi.
Koreya huquq-tartibot organlari ma’lum qilishicha, dastlabki tergov va ekspertiza natijalariga ko‘ra, marhumaning vafotida qotillik alomatlari aniqlanmagan.
Shuningdek, voqea sodir bo‘lgan kechada yozib olingan videokuzatuv tasmalari — marhumaning yashash joyi atrofi, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan shifoxona hamda Pyontek shahridagi “Sonmu” shifoxonasidagi yozuvlar marhumaning onasi va uning advokatiga ko‘rsatildi.
Uchrashuv davomida Koreya Milliy sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan o‘tkazilgan chuqurlashtirilgan ekspertiza natijalari ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, fuqaro N.Kimning o‘limi o‘z joniga qasd qilish sifatida qayd etilgan.
Bundan tashqari, ekspertiza jarayonida DNK, qon va barmoq izlari tahlil qilingani, marhumaning tanasida zaharli yoki dori moddalari aniqlanmagani, shuningdek, ichki yoki tashqi tana qismlarida kuchli zarba oqibatida yuzaga kelgan jarohat yoki ko‘karishlar mavjud emasligi qayd etildi.
Koreya politsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan marhumaga oid ayrim suratlar tergov jarayonida olinmaganini va ularni tarqatish mamlakat qonunchiligiga zid ekanini ham bildirdi.
Uchrashuvda Pyontek shahar politsiyasi tergov jarayoni davom etayotgani, yakuniy natijalar bo‘yicha ma’lumotlar marhumaning yaqinlariga taqdim etilishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat O‘zbekiston elchixonasi nazoratida bo‘lib, diplomatik vakolatxona Koreya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, elchixona fuqarolarni marhumaning xotirasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, tasdiqlanmagan va asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.








