"Besh kunlik urush": Nima uchun Rossiya Gruziyaga qarshi urushga kirgandi?
4 avgust kuni yetti Gʻarb davlati-AQSH, Buyuk Britaniya, Albaniya, Norvegiya, Irlandiya, Fransiya va Estoniya Rossiyadan Abxaziya va Janubiy Osetiyadan qo‘shinlarni olib chiqishni talab qilishdi. Rossiya 2008 yilgi Gruziya bilan bo‘lgan urushdan so‘ng bu ikki hudud mustaqilligini tan oldi va bu yerdagi harbiy bazalarini kuchaytirdi. Rossiya va Gruziya munosabatlari sovuqlashishiga bosh sabab bo‘lgan urush butun dunyoga ta’siri katta bo‘ldi. Zamon.uz tarixda “Besh kunlik urush” ga 13 yil to‘lishi munosabati bilan o‘sha voqealarni esga oldi.

U qanday ro‘y berdi?
Sobiq Ittifoq hukmronligining so‘nggi yillarida milliy nizolar kuchayib ketdi. Bu holat Gruziyani ham chetlab o‘tmadi. Ushbu respublikada, ayniqsa, Abxaziya va Janubiy Osetiyada ayirmachilik harakati avj oldi.
1992 yilda Gruziya o‘z hududuiy yaxlitligini saqlab qolish maqsadida bu ikki avtonom respublikaga qo‘shin kiritdi. Lekin Abxaziya ham, Janubiy Osetiya ham gruzin qo‘shinlariga zarba berdi va amalda mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, bu hududlarda Rossiya harbiy bazalari ham mavjud bo‘lgani bois Gruziya uzoq yillar mobaynida keskin harakat qila olmadi.
Mixail Saakashvili Gruziyaga Prezident bo‘lgandan keyin voqealar rivoji o‘zgardi. Saakashvilining asosiy maqadlaridan biri Gruziya yaxlitligini saqlab qolish edi. Bu Abxaziya va Janubiy Osetiyada Tbilisi hokimiyatining tiklanishini anglatardi. 2008 yil 8 avgust kuni Gruziya armiyasi ushbu respublikalarga qarshi hujum boshlaydi.
Rossiya nizoga nega aralashdi?
Gruziya hujum boshlashi bilan RF armiyasi ham Janubiy Osetiyaga qo‘shilishini eʼlon qildi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvaning urushga qo‘shilishi sabablarini izohlar ekan, Janubiy Osetiyaning ko‘pchilik aholisi RF fuqaroliri ekanligi va Rossiya harbiylariga xavf tug‘ilganini qayd etdi. Haqiqatdan ham 2002 yildagi RF qonuniga asosan Janubiy Osetiyaning ko‘pchilik aholisi RF fuqaroligini qabul qiladi.
Moskvaning aralashuvi Gruziyaning mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi. Urush 12 avgustga qadar davom etib, unda gruzin armiyasi butunlay tor-mor etildi. 14 avgust kuni RF va Fransiya Prezidentlari ishtirokida ishlab chiqilgan reja (Medvedev-Sarkozi rejasi) asosida o‘t ochish to‘xtatildi.
Oqibatlar...
5 kun davom etgan bu urush nafaqat Kavkaz mintaqasi, balki butun dunyoga taʼsir ko‘rsatdi
Birinchidan, Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan oldi. Gruziyaning bu ikki respublikada o‘z suverenitetini tiklash niyati amalga oshmadi. Lekin hozirgacha Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligi dunyoning katta qismi tomonidan tan olinmagan. BMT ham ularni Gruziya hududi deb biladi.
Ikkinchidan, Gruziyaning NATOga qo‘shilishi jarayoni to‘xtab qoldi. Bu RFning janubiy chegaralari uchun juda katta ahamiyatga ega edi
Uchinchidan, urush davomida Rossiya armiyasining ayrim kamchiliklari ko‘zga ko‘rinib qoldi. Baʼzi ekspertlarining fikricha bu Moskvani keng qamrovli harbiy islohotlar boshlashiga olib keldi
To‘rtinchidan, Gruziya Moskva bilan dipomatik aloqalarni uzdi va u haligacha tiklanmagan
Bu urushdan so‘ng Mixail Saakashvilining obro‘si tushib ketdi va uning hokimiyatdan ketishiga asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Aksincha, RFda hokimiyat vakillari, ayniqsa, o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Vladimir Putinning mavqei yana-da oshdi. Putin urush boshlangan paytda, Pekinda yozgi Olimpiada o‘yinlari ochilish marosimida edi. Keyinchalik maʼlum bo‘lishicha, nizo boshlanganini eshitgan zahotiyoq u Janubiy Osetiyaga uchib kelgan.
Xalqaro miqyosda katta aks-sado bergan “Besh kunlik urush” natijasida Kavkazorti mintaqasida keskin geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berdi. Rossiyaning G‘arb bilan qarama-qarshiligi kuchaydi, Gruziya esa Yevropa va AQSH bilan hamkorligini yana-da mustahkamladi. Bu nizo hanuzgacha o‘z yechimini kutmoqda.
Jahongir Qo'ziyev







