Xalqaro musobaqadan qaytgan sambochilarimiz tatanali kutib olindi
Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahrida sambo bo‘yicha FIAS (Xalqaro sambo federatsiyasi) prezidenti sovrini uchun musobaqa o‘tkazildi.


Musobaqada jahonning 21 mamlakatidan 80 nafarga yaqin sportchi kurash olib bordi. Mukofot jamg‘armasi 189 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi bahslarda o‘zbekistonlik sambochilar 4 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqada qatnashgan terma jamoamiz vakillari bugun ertalab yurtimizga qaytib keldi. Bu haqda O‘zbekiston sambo federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Unda O‘zbekiston turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston sambo federatsiyasi vakillari qatnashdi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqada Homidjon Mo‘minov (-64 kg), Sarbon Ernazarov (-71 kg), Ulug‘bek Rahmonov (-79 kg) va Ixtiyor Eshmurodov (-88 kg) kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bundan avval sambochilarimiz musobaqada to‘rtta kumush medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.







