Sabina Suxanova shaxsiy rekordini yangiladi
Tokio-2020: Paralimpiyachilarimizning 2 sentyabr kuni qayd etayotgan natijalari bilan tanishing.

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 2 sentyabr kuni 9 nafar sportchilarimiz bahslarga kirishi kerak edi. Ayni daqiqalarga qadar sportchilarimizning qayd etgan natijalari maʼlum.
Ayollar o‘rtasida T37 klassida 100 metrga yugurish bo‘yicha final bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Sabina Suxanova 14,20 soniya vaqt bilan marraga 7-o‘rinda kirib keldi.
Biroz avvalroq para-taekvando bo‘yicha erkakalar o‘rtasida 1/16 final bahslari bo‘lib o‘tdi. 61 kg vazn toifasida jangga chiqqan taekvandochimiz Zuhriddin Tohirov Italiyalik raqibi Antonino Bassologa 30:64 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Zuhriddin endi bronza medali uchun bahslarni davom ettiradi.
Ayollar o‘rtasida F35 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha final nahslarida ishtirok etgan Dilafruzxon Ahmadxonovaga medal uchun 1 sm kamlik qildi. Hamyurtimiz 8,59 metr natija bilan 4- o‘rinni qayd etdi. Maʼlumot uchun, bu Ahmadxonovaning shaxsiy rekordi hisoblanadi.
Yana bir para-taekvandochimiz Ziyodaxon Isoqova musobaqani g‘alaba bilan boshladi. 1/16 final bahslarida ishtirok etgan sportchimiz 49 kg vazn toifasida Afg‘onistonlik Zakiya Xudadadiga qarshi bahs olib bordi. Jang natijasiga ko‘ra sportchimiz 17:12 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng 1/8 final bahslarida kurashni davom ettirgan Ziyodaxon Isoqova chorak finalning murosasiz bahsida Mo‘g‘ulistonlik raqibini 13:11 hisobida mag‘lub etib yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yarim final bahslari bugun 14:00 da boshlanadi.
Biroz avval ayollar o‘rtasida KL3 klassida 200 metrga para-kanoe saralash bahslari o‘z yakuniga yetdi. Unga ko‘ra hamyurtimiz Shahnoza Mirzayeva 53.521 soniya vaqt bilan marraga 3-bo‘lib yetib keldi va yarim fanla yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, para kanoe bo‘yicha yarim final bahslari ertaga bo‘lib o‘tadi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan para-kanoe bahslarida ishtirok etgan sportchimiz Hayitmurod Sherqo‘ziyev yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz VL3 klassida 200 metr masofaga 54.269 soniya vaqt bilan to‘rtinchi bo‘lib yetib keldi.
Birozdan so‘ng yana bir sportchimiz Husniddin Norbekov F35 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha bahslarga kirishadi.
Maʼlumot uchun, ayni damda sportchilarimiz umumjamoa hisobida 15 ta medal bilan 16-o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq para-suzuvchilarimiz Fridavsbek Musabekov va Shohsanam toshpo‘latovalarning final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergandik.
Maqsadjon Obidjonov







