“Messi, Neymar va Mbappe uchligi “PSJ” hujumini kuchaytirolmaydi” — Maykl Ouen
Angliya terma jamoasi, “Real” va “Liverpul” klublari sobiq hujumchisi Maykl Ouen “PSJ”ning Chempionlar ligasidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi.


“Leo Parijga kelganidan so‘ng ko‘pchilik muxlislar Messi, Neymar va Mbappe uchligi o‘yinini ko‘rib xursand bo‘ldi. To‘g‘ri, bu uch futbolchi ham juda kuchli va ajoyib isteʼdod egalari. Lekin, fikrimcha, ular birgalikda o‘ynab, “PSJ” hujumini kuchaytirolmaydi, aksincha, kuchsizlantiradi. Men «Eyfel egalari»ni Chempionlar ligasi favoriti deb hisoblamayman. Angliyada ulardan kuchliroq klublar mavjud”, — deydi Ouen.
Maʼlumot uchun: Parij grandi Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichining 1-tur o‘yinlarida Belgiyaga safar qildi. “Bryugge” bilan 1-1 hisobi qayd etilgan bahsda Maurisio Pochettino shogirdlari sensatsion tarzda ochko yo‘qotdi. Messi va Neymar o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, maydonda to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Mbappe esa 52-daqiqada oyog‘idan jarohat olib, o‘rnini jamoadoshi Ikardiga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Piter Shmeyxel haqida xabar bergan edik.
Maqsadjon Obidjonov







