Toliblarga qarshilik ko‘rsatgan viloyatga gumanitar yordam jo‘natildi
“Tolibon” Panjsherga gumanitar yordam jo‘natdi. Bu haqda “Bakhtar News” xabar bergan.


Afg‘oniston bosh vaziri Muhammad Hasan Ohun Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida mamlakat qabul qilib olgan gumanitar yordamning bir qismini Panjsherga jo‘natish haqida topshiriq berdi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi aʼzolari savdogarlar, sarrof(valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanadigan shaxs)lar, taniqli soha mutaxassislarini himoya qilishni taʼkidlagan.
So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonga ko‘plab davlatlar yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Xususan, 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga 1.3 ming tonna gumanitar yordam yuborgan. Shuningdek, BMT qo‘shimcha 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.
Maʼlumot o‘rnida: 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Kobulni egallagan. 31 avgustda AQSH Afg‘onistonni to‘liq tark etdi. Harakat tomonidan egallanmagan yagona viloyat Panjsher edi. Ammo 6 sentyabrda ushbu hudud ham “Tolibon” nazoratiga o‘tdi. Shundan keyin toliblar 7 sentyabr kuni mamlakatning yangi hukumati tuzilganini eʼlon qildi.
Jahongir Qo‘ziyev







